O‘zbekiston Respublikasida bugungi kunda 98 % ga yaqin yo‘lovchilar va 88 % dan ko‘proq yuklar avtomobil yo‘llari orqali tashilmoqda. Avtomobil yo‘llari Respublika iqtisodiyotini tayanchi va uni rivojlantirishning asosiy ustivor yo‘nalishlardan hisoblanadi. Respublika iqtisodiyotini rivojlantirish bevosita avtomobil yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirish bilan bog‘liqdir. O‘zbekistonda avtomobil yo‘llari tarmog‘ining ekspluatatsion holatining qoniqarsizligi sababli transport-ekspluatatsion xarajatlar oshib bormoqda va bu yo‘qotishlar YAIM ning 1% ga yaqindir. Bugungi kunda avtomobil yo‘llari sohasida 6500 ga yaqin muhandis-texnik xodimlar ishlaydi, shundan 30% ga yaqini yo‘l sohasi mutaxassisligiga ega emas. Hozirda avtomobil yo‘llari sohasi uchun kadrlar tayyorlash, ularni malakasini oshirish va qayta tayyorlash dolzarb masaladir.
1956-yili O‘rta Osiyo Politexnika institutining (hozirgi I.Karimov nomidagi TDTU) “Qurilish fakulteti” tasarrufida “Avtomobil yo‘llari” mutaxassisligi ochildi va 1958-yili “Avtomobil yo‘llari” kafedrasi tashkil etildi. 1971-yili “Avtomobil yo‘llari” kafedrasi ikkiga ajralib: “Avtomobil yo‘llarini qidirish va loyihalash” va “Avtomobil yo‘llarini qurish texnologiyasi va ekspluatatsiyasi” kafedralari faoliyat ko‘rsata boshladi. 1972-yilda Toshkent avtomobil‑yo‘llar instituti tashkil etildi. 1994-yildan boshlab “Avtomobil yo‘llarini qidirish va loyihalash” va “Avtomobil yo‘llarini qurish texnologiyasi va ekspluatatsiyasi” kafedralari birlashtirilib “Avtomobil yo‘llari” kafedrasi faoliyat ko‘rsatdi.
1995-yilda “Aerodromlar va aeroportlar” kafedrasi tashkil etildi. 2005-yil “Avtomobil yo‘llari” va “Aerodromlar va aeroportlar” kafedralari birlashtirilib, “Avtomobil yo‘llari va aerodromlar” kafedrasi tashkil etildi. 2013-yil 2-sentabrdan “Avtomobil yo‘llari va aerodromlar” kafedrasi ikkita kafedraga ajratilib, “Avtomobil yo‘llari va aerodromlarni loyihalash” va “Avtomobil yo‘llari va aerodromlarni qurish, ekspluatatsiya qilish” kafedralari tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 26-avgustdagi “Avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi sohasida kadrlar tayyorlashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2580-son qarori hamda ushbu qarorni ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2016-yil 29-avgustdagi 362‑sonli buyrug‘i bilan Toshkent avtomobil‑yo‘llar instituti qayta tashkil etilib, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti tashkil etildi. Ushbu qaror asosida Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti “Avtomobil yo‘llari va inshootlarini loyihalash va qurish” fakulteti tassarufida “Avtomobil yo‘llari va aerodromlarni qurish, ekspluatatsiya qilish” kafedrasi tashkil etildi. 2017-yil 2-sentabrdan kafedra “Avtomobil yo‘llarini qurish va ekspluatatsiya qilish” kafedrasi nomiga o‘zgartirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-maydagi PQ-4703-sonli “Transport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Transport vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti hamda Toshkent davlat texnika universitetining aviakosmik texnologiyalari fakulteti negizida Toshkent davlat transport universiteti tashkil etildi. Shu munosabat bilan kafedra nomi “Avtomobil yo‘llarini qurish va ekspluatatsiya qilish” dan “Yo’l muhandisligi” ga, 2021-yilda esa yana “Avtomobil yo‘llarini qurish va ekspluatatsiya qilish” kafedrasi nomi bilan qayta nomlandi va hozirda ushbu nom bilan faoliyat yuritib kelmoqda. “Avtomobil yo’llarini qurish va ekspluatatsiya qilish” kafedrasi Shvetsariya Qirollik Universiteti, Birmingem universiteti, MDH dagi nufuzli oliy ta’lim muassalari bo’lgan MDAYTI (МАДИ) hamda BMTU (БНТУ) bilan doimiy aloqalarni yo’lga qo’ygan. Ushbu hamkorliklar doirasida qo’shma o’quv dasturlari tashkil etilgan, ilmiy loyihalar amalga oshirilgan va yangi adabiyotlar yaratilgan.